Triatlon haqida

Triatlon o‘zi nima?
Triatlon – bu ko‘psportli poyga bo‘lib, u ishtirokchilar uzluksiz va ketma-ket ravishda bajaradigan quyidagi uch bosqichdan tashkil topgan: suzish, velopoygalar va yugurish.
Hozirgi triatlon konsepsiyasi XX asr boshida Fransiyada dunyoga kelgan. “L’Auto” gazetasida “Les Trois Sports” deb nomlangan, quyidagi uchta bosqichni bajarish shartlariga ega bo‘lgan musobaqa haqida xabar berilgan: 3 km – yugurish masofasi, 12 km – velosiped poygasi va Marna kanalidan suzib o‘tish. Har uchchala qism ham tanaffussiz bajarilishi lozim bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan bajarilishi lozim bo‘lgan masofa kattalashib borgan.
Hozirgi paytda Olimpiya dasturiga kiruvchi triatlonning eng ommabop shakli o‘z ichiga suzish, velopoyga va yugurish bosqichlarini oladi. Triatlon alohida sport turi sifatida rivojlanishining eng avvalida suzish bosqichi yakunlovchi qism bo‘lgan. Velopoyga va yugurishdan charchagan atletlar suvda dam oladi deb o‘ylashgan. Biroq musobaqalarda qatnashuvchi sportchilar sonining ko‘payishi bilan atlet hayoti uchun xavfli bo‘lgan vaziyatlar soni ham ortib borgan. Yugurish va velosipedda yurishdan charchagan mushaklar suvda tomirlari tortishib qolgan. Shu sababli suzish bosqichini musobaqalarning boshiga o‘tkazishga qaror qilingan.
Umuman, triatlonning ko‘plab turlari mavjud. Ulardan ITU (International Triathlon Union) va WTC (World Triathlon Corporation) shafe'ligida o‘tadiganlari eng mashhurlari hisoblanadi.
International Triathlon Union (ITU) 1989 yilda triatlon bo‘yicha musobaqalarga rahbarlik qiluvchi organ sifatida tashkil qilingan. Birinchi kongressda keyinchalik “Olimpiya masofasi” deb nom olgan triatlonning standart masofasi tasdiqlandi. ITU tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalardagi masofalarning asosiy turlari:
ITU Supersprint: Suzish – 300 m, velopoyga – 8 km va kross – 2 km
ITU Qisqa masofa (sprint): Suzish – 750 m, velopoyga – 20 km va kross – 5 km
ITU Olimpiya masofasi: Suzish – 1500 m, velopoyga – 40 km va yugurish – 10 km
ITU Long distance uzun masofa (ikki karra yoki uch karra Olimpiya masofasi): Suzish – 3 -4 m, velopoyga – 80-120 km va yugurish – 20-30 km
World Triathlon Corporation (WTC) – tijoriy loyiha bo‘lib, u Ironman, Ironman 70.3 va 5150 triatlon bo‘yicha bir qator musobaqalarni tashkillashtiradi, ilgari suradi va lizenziyalaydi. WTC shuningdek "Ironman” bilan bog‘liq ko‘plab savdo brendlarining egasi hisoblanadi. WTC tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalardagi masofalarning asosiy turlari:
WTC 5150 seriyasi: Suzish – 1500 m, velopoyga – 40 km (etakchi ortiga tushib olish taqiqlanadi) va yugurish – 10 km
WTC 70.3 yoki Half-Ironman (“Yarim temir odam”, “Yarimta”): Suzish – 1,93 m, velopoyga – 90 km va yugurish – 21 km
WTC Triatlon Ironman (“Temir odam”): Suzish – 3,86 m, velopoyga – 180 km va marafon yugurish – 42,195 km


Musobaqa bosqichlari
Suzish:
Musobaqalar suzish bilan boshlanadi. Qirg‘oqdan, ponton yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri suv ichidan (uzoq masofali triatlonda) barcha qatnashchilarga ommaviy start beriladi. Suvning harorati past bo‘lgan hollarda (IRONMAN triatloni qoidalariga ko‘ra odatda 24,5°S dan past) 5 mm.gacha qalinlikdagi gidrokostyumlardan foydalanishga ruxsat beriladi. Odatda suzib o‘tish buylar va troslar bilan belgilab qo‘yilgan uchburchak yo‘nalishda bajariladi. Yo‘nalish masofasini atayin qisqartirishga urinishlarning har biri uchun jarima ochkolari hisoblanadi, diskvalifikasiya berilishi ham mumkin. Sportchilar suzishning o‘zlariga yoqqan istalgan usulidan foydalanishlari mumkin. Eng ko‘p quloch otib suzish usulidan foydalaniladi.
Velosiped poygasi
Suvdan chiqqan sportchilar tranzit zonasida kiyim almashtirib, velosipedlarga o‘tiradi va velosiped bosqichi boshlanadi. Masofa bo‘ylab oziqlanish nuqtalari joylashgan, ammo professionallarga texnik yordam ko‘rsatish taqiqlanadi. Qisqa masofali triatlonda guruhli poygalarga mo‘ljallangan oddiy shosse velosipedlari ishlatiladi. IRONMAN triatlonida professionallar velosportdagi yakka poygalar uchun mo‘ljallangan velosipedlarga o‘xshab ketadigan velosipedlarni ma'qul ko‘radilar. Xalqaro triatlon federatsiyasi (ITU) qoidalariga muvofiq shosse velosipedlarida rulga o‘rnatilgan kalta “tutqich”dan foydalanishga ruxsat etiladi. “Tutqich” tormoz ushlagichlarining eng chekka qismlarini bog‘lab turuvchi chiziqdan tashqariga chiqib ketmasligi lozim. “Tutqich”ning o‘zida yo chiqib turuvchi qismlari bo‘lmasligi kerak, yo “tutqich”ning chiqib turuvchi qismlari kashak (plastik ulagich yoki shunchaki bir necha qavat izolenta) bilan ulanishi kerak. Velosportda vaqtga yakka poygalarda ishlatiladiganga o‘xshash uzun “tutqich”lar taqiqlanadi. Bu tushunarli, chunki oldinda ketayotgan sportchi ortiga yashiringancha aerodinamikani yaxshilash imkoniyati mavjudligi sababli qisqa masofali triatlonda “tutqich”lardan u qadar katta foyda yo‘q. Olimpiya triatlonida velobosqichda liderlik, ya'ni yetakchi ortidan guruh bo‘lib harakatlanishga ruxsat beriladi. Ironman triatlonida liderlik qilish taqiqlanadi, sportchi oldinda ketayotgan velosipeddan yoki hakamlar mashinasidan muayyan masofada (taxminan 10–15 metr) yurishi lozim, shu tariqa velosiped aerodinamikasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Yugurish
Asosiy qoida shuki, sportchi oyoqlarida harakatlanishi kerak.
Bosqichlar orasidagi almashinuv – tranzit zona hisoblanadi.
Bosqichlar orasidagi almashinuv tartibiga rioya qilish qat'iy nazorat qilinadi (suzish -> velosiped -> yugurish). Sportchilar boshqa sportchilarga halaqit qilmasliklari lozim (o‘z velosipedlarini tayyorlash yoki kiyim almashtirish paytida). Ular poygadan oldin va keyin o‘zi uchun ajratilgan maydon chegarasidagina velosipedni qo‘lda olib yurishi mumkin. Shlem poyga boshlanishidan avval kiyilishi va velosiped maxsus rampaga yoki buning uchun ajratilgan joyga qo‘yilganidan so‘ng yechilishi lozim. Kiyim almashtirishda yalang‘och ko‘rinish dunyo standartlariga muvofiq musobaqalarni o‘tkazish qoidalari bilan man etilgan. Velosiped bosqichida raqam belgisi sportchining orqasida, yugurish bosqichida esa ko‘krak qismida bo‘lishi kerak. Sportchi har bir bosqich uchun belgilab qo‘yilgan vaqt chegarasida ulgurib kelishi lozim.
Jazolar
Musobaqalar paytida sportchilar bir-biriga halaqit qilishi mumkin emas. Agar bu holat suzish paytida yuz bersa, ushbu bosqich tugaganidan so‘ng sportchi 30 sekund ushlab turiladi. Agar bu holat velopoyga yoki yugurish paytida yuz bersa, sportchiga sariq kartochka ko‘rsatiladi. Shundan so‘ng u to‘xtashi va musobaqani davom ettirishga ruxsat berilishini kutishi kerak bo‘ladi. Xavfli xatti-harakatlar sodir etilganda yoki qoidalar takroran buzilganda sportchiga qizil kartochka ko‘rsatilishi va u musobaqadan chetlashtirilishi mumkin. Bitta bosqichda ikki marta ko‘rsatilgan sariq kartochka avtomatik tarzda qizilga aylanadi va sportchi musobaqadan chetlashtiriladi.
Triatlonning turlari:
O‘tkazish shakli, masofalari va joyiga qarab farqlanuvchi triatlonning bir necha turlari mavjud. Xalqaro darajada ushbu sport turlari Xalqaro triatlon ittifoqi (ITU) tomonidan tartibga solinadi.
Triatlon – suzish, velopoyga, yugurish.
Akvabayk – suzish, velopoyga.
Duatlon – yugurish bosqichi, velopoyga bosqichi va keyin yana bir yugurish bosqichini o‘z ichiga oladi.
Akvatlon – yugurish, suzish va keyin yana bir yugurish bosqichini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, quyidagi ikki bosqichga ega bo‘lgan boshqacha format ham bor: suzish va yugurish.
Qishki triatlon – uch bosqichdan iborat bo‘ladi: yugurish, velokross va chang‘i poygasi.
Indoor-triatlon
Indoor-triatlonda barcha bosqichlar yopiq binoda bo‘lib o‘tadi: suv bosqichi – suv havzasida, velobosqich – velotrenajyorda, yugurish esa yugurish yo‘lagida.
Mazkur musobaqada vaqt formatiga amal qilinadi – bosqichlardan o‘tish uchun muayyan vaqt belgilanadi: suzish uchun 10 daqiqa, velosiped uchun 30 daqiqa, yugurish uchun 20 daqiqa va tranzit zonalaridan o‘tish (kiyim almashtirish) uchun har biriga 5 daqiqadan.
Tranzit zonasi shartli ravishda belgilanadi. Odatda bu tegishlicha erkaklar va ayollar uchun kiyim almashtirish joyi bo‘ladi. Aynan shu joyda ishtirokchilar kiyim almashtiradilar. “Tranzit” uchun belgilangan vaqt yakuniy bayonnomada hisobga olinmaydi. Bunday formatda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi g‘oliblar uchchala bosqichdagi masofalardan o‘tish ko‘rsatkichlari yig‘indisiga ko‘ra aniqlanadi.
Triatlon O‘zbekistonda
1995 yilda mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” jamiyati tuzilmasida triatlon bo‘yicha bo‘linma tashkil qilingan.
2019 yil 3 mayda O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi mustaqil nodavlat notijorat tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Federatsiya ikkita yo‘nalishni rivojlantirishni rejalashtirmoqda: havaskorlik va professional triatlon. Asosiy maqsadlardan biri – triatlonni ommaviy sport turi sifatida targ‘ib qilish, yoshlarni triatlonga qiziqtirishdir.